Yandex kompaniyasi Nokia, Samsung, HTC va Microsoft bilan tuzgan
shartnomaga asosan, Rossiya bozori uchun chiqariladigan "Windows Phone”
smartfonlarida boshlang‘ich qidiruv Bing
emas, Yandex qidiruvi bo‘ladi.
Hozirda Yandex qidiruvi "Samsung Omnia W”, "Nokia Lumia 800” va "Nokia
Lumia 710” smartfonlariga o‘rnatilgan. Bundan tashqari, HTC
kompaniyasining shu yil kuzida taqdim qilingan "Titan”, "Mozart”,
"Radar” smartfonlariga ham o‘rnatiladi. Eslatib o‘tamiz, oktabr oyida
"Samsung Bada” platformasi uchun ham Yandex boshlang‘ich qidiruv tizimi
sifatida qo‘yilishi haqida shartnoma tuzilgandi.
Microsoft kompaniyasi global bozorda Yandex qidiruvi bilan raqobat
qiladigan Bing qidiruv tizimiga ega. "Windows Phone 7” platformasida
chiqadigan barcha telefonlarda shu paytgacha kompaniya o‘zining qidiruv
tizimini o‘rnatar edi. "NetMarketShare” hisob-kitobiga ko‘ra, mobil
qurilmalar orqali qidiruvlarning bozordagi
ulushlari oktabr oyi uchun quyidagicha:
- Google — 91,14%
- Yahoo — 6,96%
- Bing — 1,11%
- Baidu — 0,45%
- Ask — 0,15%
- AOL — 0,01%
- boshqalari — 0,01%.
Bu borada Google kompaniyasi yetakchilik qilayotgani tabiiy. Chunki,
Google o‘zi ishlab chiqaradigan Android va Apple kompaniyasi ishlab
chiqaradigan iOS operatsion tizimlaridagi boshlang‘ich qidiruv tizimi —
Google. Bozorning asosiy qismini esa shu smartfonlar egallaydi.
"Windows Phone” bazasida ishlovchi smartfonda Yandex qidiruv
tizimi
Foto: Texnoblog.uz
Rossiya internetida hozir Yandex qidiruv tizimi yetakchilik qilyapti.
Liveinternet statistikasiga ko‘ra, oktabr oyida Yandex 51,3%, Google
34,8% ulushga ega bo‘lgan.
|