Microsoft softver giganti va Janubiy Koreya
sanoatining bayroqdor kompaniyasi Samsung kelajak
texnologiyalaridan biri sifatida e’tirof etilayotgan "Microsoft Surface” sensorli multimedia
stolining yangi modeli uchun oldindan buyurtmalar olishni boshlab
yubordi. Ushbu qurilmaning narxi 8 400 AQSh dollariga teng. Mazkur
innovatsion stoldan ta’lim tizimi, sog‘liqni saqlash, mehmonxona
biznesi, dizayn studiyalar va boshqa sohalarda foydalanish mumkin.
Shu yilning yanvar oyida o‘tkazilgan "CES 2011” ko‘rgazmasida ilk
marta namoyish qilingan "Samsung SUR40”
multimedia stoli "Microsoft
Surface” qurilmasining ikkinchi avlodi sanaladi. O‘zining oldingi
versiyasidan u texnik xarakteristikalari hamda yangi sensor
texnologiyasi, sezgilarni tanishdagi xususiyatlari bilan farq qiladi.
Birinchi modeldan farqli o‘laroq, "Samsung SUR40” qurilmasida suyuq
kristalli panel qo‘llanilgan bo‘lib, bu unga qurilma tannarxining
kamayishiga yordam beradi.
"Samsung SUR40” multimedia paneli bir paytning o‘zida 50 tagacha
sezgini "his qila oladi” – u nafaqat barmoqlarni, balki qo‘l va boshqa
narsalarni ham "taniy” oladi.
|