Angliyaning "Manchester
Yunayted” futbol klubi o‘zining ijtimoiy tarmog‘ini ishga
tushirmoqchi. Bu haqda Britaniyaning "Marketing” haftalik jurnali xabar
qilgan.
Yangi loyihaning auditoriyasi, klub tomonidan avval hisoblanganidek,
350 million muxlisdan oshib ketishi mumkin. Klub keyinchalik o‘zining
taxminlarini 500 million foydalanuvchigacha ko‘targanidan so‘ng, "TNS Global” tadqiqot agentligi
yangi ijtimoiy tarmoqning foydalanuvchilari soni 660 million kishigacha
yetishini prognoz qildi. Taqqoslaydigan bo‘lsak, hozirda "Facebook” ijtimoiy tarmog‘ining
foydalanuvchilari soni 800 milliondan oshib ketgan.
Angliya premyer ligasining g‘olibi bu borada o‘zining marketing
strategiyalarini ishlab chiquvchi "SapientNitro” reklama agentligiga
murojaat qilgan. Taxminlarga ko‘ra, klubning ijtimoiy tarmoq sayti
kelasi ikki yil ichida ishga tushishi kutilmoqda. Klub hozirda
"Facebook”da o‘zining sahifasiga
ega, unga shu kungacha 20,2 million foydalanuvchi obuna bo‘lgan.
Yangi ijtimoiy tarmoqning foydalanuvchilari klubning ekskluziv
videolarini, shu jumladan "MUTV” telekanalini tomosha qilish
imkoniyatiga ega bo‘ladilar. "Manchester Yunayted” ushbu loyihaga boshqa
homiylarni ham jalb qilishni rejalashtirmoqda.
Eslatib o‘tamiz, shu yilning bahorida "Forbes” jurnali dunyodagi eng qimmat
futbol klublari reytingini e’lon qilgan edi. Unda "Manchester Yunayted”
klubining qiymati 1,835 milliard dollar qiymatida baholangan va u
reytingning eng yuqori o‘rnini band qilgan.
|