Google o‘zining servislarini yopishda davom etyapti. Bu safar asosiy
yopilayotgan servis — "Google
Knol”, onlayn ensiklopediya servisi. Vikipediya
raqobatchisi sifatida 2008-yilda ishga tushirilgan "Knol” o‘zida faqat
mualliflik maqolalarini saqlash va mualliflar maqolalarida
ko‘rsatiladigan reklamalardan foyda olish imkoniyatini berar edi.
"Knol”dagi har bir maqola bitta muallif tomonidan yozilishi mumkin
edi, odatda, maqolada gap ketadigan sohaning mutaxassisi tomonidan.
Boshqa foydalanuvchilar faqat muallif ruxsati bilangina uni tahrirlay
oladi. Vikipediyadan farqli ravishda, "Knol”dagi maqolalarda Google
kompaniyasining "AdSense” reklama servisi orqali reklamalar
ko‘rsatilishi va undan foyda olishlari mumkin edi.
Servis 2012-yil may oyigacha to‘liq rejimda ishlaydi. Keyingi 5 oy
davomida foydalanuvchilar maqolalarni o‘qiy olishmaydi, lekin mualliflar
uchun maqolalarning nusxasini saqlab olish imkoniyati beriladi.
2012-yil 1-oktabrda esa, servis to‘liq yopiladi.
Boshqa yopilayotgan servis/imkoniyatlar:
Google Bookmarks Lists — "Google Bookmarks” servisida
turli ro‘yxatlar yaratish. Ushbu ro‘yxatlarni ochiq yoki yopiq qilish,
bir necha kishi yuritishi kabi imkoniyatlar berardi.
Google Friend Connect — saytlarga turli ijtimoiy
imkoniyatlar qo‘shish. 2012-yil 1-martda yopiladi. Google
kompaniyasining rasmiy blogida, Google+ ijtimoiy tarmog‘ida sahifa
ochish va tarmoqning vidjetlaridan foydalanish tavsiya qilinadi.
Google Gears — shu yilning 1-dekabridan
to‘xtatiladi. Servislarning offlayn ishlashiga yordam beradigan brauzer
uchun kengaytma edi.
Google Search Timeline — qidiruv natijalarining soni
turli yillar davomida qanday o‘zgarganini ko‘rish va filtrlash
imkoniyatini berardi.
Google Wave — kommunikatsiya uchun universal servis
vazifasini o‘tashi lozim bo‘lgan servis (pochta, chat, forum, viki va
hokazolarni birlashtira oladigan). 2012-yil 31-yanvardan faqat o‘qish
rejimiga o‘tadi (yangi kontent yaratib bo‘lmaydi), 30-apreldan esa
to‘liq yopiladi.
|