Google internet-korporatsiyasining asoschilaridan biri Sergey Brin
hamda uning turmush o‘rtog‘i "Wikipedia”
(Vikipediya) loyihasi va unga bog‘liq portallarni qo‘llab-quvvatlash
bilan shug‘ullanuvchi "Wikimedia
Foundation” jamg‘armasiga 500 ming dollar xayriya
qilishdi.
Shu hafta boshida "Wikimedia Foundation” jamg‘armasi internetdagi
bepul ensiklopediyani rivojlantirish uchun mablag‘ yig‘ishga qaratilgan
har yillik aksiyani boshlagan edi. Shu kunlarda Vikipediya saytiga
tashrif buyurgan har bir foydalanuvchiga ushbu bepul ensiklopediyaning
asoschisi Jimmi Uelsning (Jimmy Wales) murojaati taqdim qilinmoqda.
Jimmi Uels o‘z chaqirig‘ida odamlarni loyihaga xayriya qilishga
chorlamoqda.
Eslatib o‘tamiz, Google kompaniyasi 2010-yilda "Wikimedia Foundation”
jamg‘armasiga 2 million dollar xayriya qilgan edi.
Sergey Brin o‘zi qilgan xayriya haqida mulohaza bildirar ekan, u
Vikipediyani internetning eng buyuk yutuqlaridan biri deya nomladi.
Bundan tashqari, Google avvalroq jamg‘armaga Vikipediya saytidagi
maqolalarni arab, hind va boshqa tillarga tarjima qilish uchun o‘zining
qurilmalarini ham taqdim qilgan edi.
Ma’lumot o‘rnida:
"Wikimedia Foundation” – notijorat tashkilot, u asosan xayriya
mablag‘lari evaziga faoliyat ko‘rsatib kelmoqda. Jamg‘arma tomonidan
amalga oshirilayotgan loyihalarning ko‘pchiligi reklamadan holi bo‘lib,
ular foyda olishga qaratilmagan. Vikipediya saytidagi kontentni
yaratishda foydalanuvchilarning o‘zi ishtirok etadi. Jamg‘armaning
xodimlari esa loyihalarni texnik ta’minotiga, jumladan server, dasturiy
ta’minot va boshqalar uchun javob beradi.
|