Mustaqillik sharofati bilan vijdon erkinligi tamoyillari asosida
diniy marosimlarni emin-erkin ado etish imkoniyatiga ega bo‘ldik.
Prezidentimiz Islom Karimovning joriy yil 31-oktyabrda qabul qilingan
"Qurbon hayitini nishonlash to‘g‘risida"gi qarorida bu bayram xalqimizga
xos mehr-muruvvat, xayr-saxovat, insoniylik fazilatlarini o‘zida
mujassam etgan ezgulik ayyomi ekani alohida ta’kidlangan.
Bayramlarni xonadonlar, ko‘cha-ko‘y va mahallalarni
saranjom-sarishta va ozoda saqlab, aziz qadamjolar, masjidlar va
qabristonlarni obod etgan holda kutib olish xalqimizga xos
odatlardandir. Ayni vaqtda yurtimizda bayram shukuhi hukmron,
ko‘kalamzorlashtirish va obodonlashtirish ishlari amalga oshirilmoqda.
Qurbon hayiti xalqimizning asriy qadriyatlari asosida o‘tishida
"Mahalla”, "Nuroniy” jamg‘armalari, "Kamolot” yoshlar ijtimoiy
harakati faollari ham o‘z hissasini qo‘shmoqda.
– Qurbon hayiti muhtojlarga xayr-saxovat ko‘rsatish, kishilar
o‘rtasidagi mehr-oqibatni yanada mustahkamlashi bilan ham qadrlidir, –
deydi O‘zbekiston faxriylarini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash "Nuroniy”
jamg‘armasi markaziy kengashi raisi Erkin Boqiboyev. – Shu bois bayram
munosabati bilan alohida tadbirlar rejasini amalga oshirmoqdamiz.
Jamg‘armamiz tuman va shahar bo‘limlari vakillari yolg‘iz keksalar,
yordamga muhtoj, kam ta’minlangan oilalar va nogironlardan ko‘ngil
so‘rash bilan birga, ularga bayram sovg‘alarini topshirmoqda. Arafa
kunlarida 2477 nafar qariyaning holidan xabar olinib, moddiy va
ma’naviy yordam ko‘rsatildi.
Ulug‘ ayyom kunlarida o‘tganlarni xotirlash azali
urf-odalarimizdan. Hayit munosabati bilan qabristonlar, muqaddas
qadamjolar yana bir bor tartibga keltirildi. Mahallalar faollari,
mutasaddi korxona va tashkilotlar vakillari bilan hamkorlikda
joylardagi masjidlarning isitish tizimi va yong‘in xavfsizligi holati
tekshirilib, aniqlangan kamchiliklar bartaraf etildi. Yo‘llar yoqasidagi
manzarali daraxtlarga shakl berilib, oqlandi. Ariq va zovurlar
tozalandi.
Bularning barchasi yurtdoshlarimiz o‘rtasida mehr-muruvvat,
kattalarga hurmat, kichiklarga izzat, himmat va saxovat kabi azaliy
an’analarimiz bardavomligini ta’minlashga xizmat qiladi uza.uz
|