Qayta tiklanuvchi beton
Amerikalik olimlar elastik beton yaratdi, deb xabar beradi RATA-TASS. Ma’lumotlarga
qaraganda, qurilish olamida yangilik bo‘lgan ushbu beton imorat darz
ketganida to‘la tiklanish xususiyatiga ega. Buning uchun yoriqqa suv
quyishning o‘zi kifoya. Shunda betondagi mineral birikmalar havodagi
karbonat angidrid gazi bilan birikib, yoriqlar o‘rnini to‘ldiruvchi
kalsiy karbonati ishlab chiqaradi.
Mahalliy matbuotning yozishicha, elastik beton chig‘anoqlarni
rivojlantiradigan minerallar birikmasidan tayyorlanadi.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, undan yo‘llar, ko‘priklar va zilzilaga
chidamli ko‘p qavatli inshootlar barpo etishda foydalanish mumkin.
15 million dollarlik olmos
Janubiy Afrika Respublikasida og‘irligi 522 karatga teng olmos
topildi. Ushbu olmos kattaligi bo‘yicha dunyoda o‘n to‘qqizinchi o‘rinni
egalladi. Ommaviy axborot vositalari tarqatgan xabarlarga ko‘ra, mazkur
olmos o‘n besh million AQSh dollariga
baholangan.
Ma’lumot o‘rnida shuni aytish joizki, shunga o‘xshash topilma
Janubiy Afrikada 1905-yilda aniqlangan. Uning og‘irligi 3106 karatga
teng bo‘lib, dunyodagi eng katta olmoslar sirasiga kiradi.
Mobil telefondan foydalangach, qo‘lingizni yuvishni unutmang
Fransiya olimlari mobil telefonlar inson salomatligi uchun zararli
ekanini ta’kidlamoqda. Uyali telefon ustidagi qoplamada ko‘plab turdagi
bakteriyalar mavjud bo‘lib, turli yuqumli xastaliklarni keltirib
chiqaradi.
Ayniqsa, salmonella, stafilokokk bakteriyalari juda xavfli bo‘lib,
ichak yallig‘lanishini yuzaga keltiradi. Shifokorlarning so‘zlariga
ko‘ra, gigiyena qoidalariga tamomila javob bera olmaydigan mobil aloqa
vositalarini begona qo‘llarga bermaslik, undan foydalangach qo‘llarni
sovunlab yuvish tavsiya etiladi
|