…Navqiron avlodning sport va yoshlik bayrami – "Umid nihollari –
2012” munosabati bilan qad rostlagan muhtasham markaziy stadion yana
mehmonlar va sport muxlislari bilan to‘ldi. Bayramona bezatilgan stadion
uzra "Umid nihollari – 2012” mash’alasi yorqin nur sochmoqda.
Maydonga musobaqalarda ishtirok etgan Qoraqalpog‘iston Respublikasi,
barcha viloyatlar va Toshkent shahri terma jamoalari vakillari kirib
keladi.
"Umid nihollari – 2012” sport o‘yinlarining tantanali yopilish
marosimi g‘oliblarni taqdirlash bilan boshlanadi.
Keskin va murosasiz kurashlar ostida o‘tgan musobaqada umumjamoa
hisobida birinchi o‘rinni egallagan Toshkent shahri jamoasi bosh sovrin –
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimovning "Umid nihollari”
sport o‘yinlari qatnashchilariga tabrigining asl nusxasi va "Damas”
avtomobili bilan taqdirlandi.
Umumjamoa hisobida ikkinchi o‘rinni egallagan Navoiy viloyati va
uchinchi pog‘onadan joy olgan Samarqand viloyati jamoalariga
mamlakatimiz Prezidenti sovg‘asi – "Damas” avtomobillari topshirildi.
Musobaqalarda alohida mahorat ko‘rsatgan, g‘alabaga intilishini
namoyon etgan bir guruh o‘quvchilar maxsus sovrinlar bilan taqdirlandi.
– Sport va do‘stlik bayrami – "Umid nihollari – 2012” bir umrga
yodimda qoladi, – deydi belbog‘li kurash bo‘yicha "Umid nihollari –
2012” sport o‘yinlari oltin medali sohibi namanganlik Abdurasul
Habibullayev. – Yakuniy bosqich bellashuvlari unutilmas voqealar va
rekordlarga boy bo‘ldi. Musobaqalar o‘quvchi-sportchilarning mahorati
yuksalayotgani va mamlakatimizning barcha hududlarida sport izchil
rivojlanayotganini ko‘rsatdi. Bu – Prezidentimiz Islom Karimov
rahnamoligida biz, yoshlarning sport bilan shug‘ullanishimiz, o‘z
iste’dodimizni keng namoyish etishimiz uchun yaratilayotgan ulkan
imkoniyatlar samarasidir.
– Musobaqalarda viloyatimiz yoshlarining umumjamoa hisobida ikkinchi
o‘rinni egallab, davlatimiz rahbarining sovg‘asi – "Damas” avtomobilini
qo‘lga kiritishiga men ham o‘z hissamni qo‘shganimdan xursandman, –
deydi "Umid nihollari – 2012” musobaqalarining shaxmat bo‘yicha oltin
medali sovrindori navoiylik Mohinur Qahramonova. – O‘quvchi-yoshlarning
haqiqiy sport bayramiga aylangan mazkur musobaqalar munosabati bilan
Navoiyda bunyod etilgan zamonaviy sport inshootlari davlatimiz
rahbarining biz, yoshlarga ko‘rsatayotgan doimiy g‘amxo‘rligi va
e’tiborining amaldagi yana bir ifodasidir. Bularning barchasi navqiron
avlodning jismonan sog‘lom, ma’nan yetuk bo‘lib voyaga yetishiga xizmat
qiladi.
"Umid nihollari” – Prezidentimiz Islom Karimov tashabbusi bilan
jamiyatimizda sog‘lom turmush tarzi tamoyillarini yanada kuchaytirish
maqsadida o‘quvchi va talabalarni sport mashg‘ulotlariga uzluksiz jalb
etish maqsadida yaratilgan uch bosqichli sport tizimining dastlabki
bo‘g‘inidir. Mazkur noyob tizim musobaqalari munosabati bilan
mamlakatimizning barcha shahar va qishloqlarida barpo etilgan zamon
talablariga to‘liq javob beradigan sport majmualari, bolalar sporti
inshootlari, stadionlar, sport maydonlari, gimnastika markazlari, maktab
va kollejlarning sport zallari yoshlarimiz uchun ulkan imkoniyatlar
yaratmoqda. Barcha sport inshootlarini zamonaviy sport anjomlari, yuqori
malakali sport ustozlari va murabbiylar bilan ta’minlash masalalariga
alohida e’tibor qaratilayotir. Sportni ommalashtirish, ayniqsa, bolalar
sportini rivojlantirish borasidagi ishlar ko‘lami tobora kengaymoqda.
"Umid nihollari – 2012”ning yakuniy bosqichida tuman, shahar,
viloyat miqyosidagi bellashuvlarda o‘z iqtidori va qobiliyatini namoyish
etgan eng sara o‘g‘il-qizlar sportning 12 turi bo‘yicha o‘zaro
bellashdi. Olimpiya o‘yinlari talablariga qat’iy rioya qilingan,
xolislik, halollik, adolat, o‘zaro do‘stlik va birdamlik kabi
qadriyatlar bosh mezon bo‘lgan bellashuvlarda ishtirokchilarning
ko‘rsatkich va natijalari tobora o‘sib borayotgani qayd etildi, ko‘plab
rekordlar o‘rnatildi. Bu, o‘z navbatida, mamlakatimiz sport zaxirasi
iqtidorli yoshlar bilan to‘lib borayotgani, o‘g‘il-qizlarning sport
sohasidagi imkoniyatlari va salohiyati yuksalayotganidan dalolatdir.
"Umid nihollari”, "Barkamol avlod” va Universiada ming-minglab
yoshlarimiz uchun sport olamida eng yuksak marralarni egallashda o‘ziga
xos parvoz maydoni vazifasini o‘tamoqda. Bunday samarali tizim
farzandlarimizni ham jismoniy, ham ma’naviy jihatdan yetuk, irodasi
baquvvat, imon-e’tiqodi mustahkam insonlar etib voyaga yetkazishda,
qat’iyat va mardlik ruhida tarbiyalashda chiniqish va mahorat maktabiga
aylanib bormoqda. Zero, bugungi kunda xalqaro sport maydonlarida,
Olimpiya o‘yinlari, jahon va Osiyo chempionatlarida Vatanimiz sharafini
munosib himoya qilayotgan mahoratli sportchilarimizning deyarli barchasi
ilk bor o‘quvchi va talabalar o‘rtasidagi ana shunday musobaqalarda
kashf etilgan.
Prezidentimiz ta’kidlaganidek, sport har qaysi millat, har qaysi
xalqni dunyoga tanitishning, uning salohiyatini namoyon etish, g‘urur va
iftixorini yuksaltirishning eng samarali va ta’sirchan vositasidir.
Bugun yurtimizda jadal rivojlanayotgan bolalar sporti – o‘zbek
sportining kelajagi, uning xalqaro maydondagi obro‘-e’tiborini
oshirishning mustahkam poydevoridir. Shuningdek, insonning shaxs
sifatida kamol topishida, unda kuchli iroda, g‘alabaga intilish,
qiyinchiliklarni yengish ruhini tarbiyalashda, qalbi va ongiga
vatanparvarlik, el-yurtga sodiqlik, iftixor tuyg‘ularini singdirishda
sportning ahamiyati beqiyos.
O‘ziga xos yoshlik bayramiga aylangan sport o‘yinlari doirasida
ko‘plab madaniy-ma’rifiy tadbirlar, viloyatning diqqatga sazovor
joylariga sayohatlar tashkil etildi. Musobaqa ishtirokchilari Navoiy
shahridagi Alisher Navoiy madaniyat va istirohat bog‘ini tomosha qilib,
buyuk bobomiz haykali poyiga gullar qo‘ydi.
Karmana tumanidagi tarixiy yodgorliklar – XVI
asrga doir "Qosim Shayx” majmuasi, XI asrda bunyod etilgan "Raboti
Malik” va "Sardoba” karvon saroylariga uyushtirilgan sayohatlar
o‘quvchi-sportchilarda katta taassurot qoldirib, ular Vatanimizning boy
tarixi haqida ko‘plab ma’lumotlarga ega bo‘ldilar.
Prezidentimiz Islom Karimov tashabbusi bilan tashkil etilgan
"Navoiy” erkin industrial-iqtisodiy zonasi nafaqat mamlakatimizda, balki
xorijda ham mashhur. Bu yerda faoliyat yuritayotgan yigirmaga yaqin
qo‘shma korxonada zamon talablariga mos yuqori sifatli ko‘plab turdagi
mahsulotlar ishlab chiqarilmoqda. Kelajagimiz egalari bo‘lgan
o‘quvchi-yoshlar Markaziy Osiyoda yagona ushbu erkin
industrial-iqtisodiy zona faoliyatini katta hayrat bilan tomosha
qildilar.
– Navoiy shahri va Karmana tumani bo‘ylab uyushtirilgan sayohatlar
davomida xalqimizning buyuk tarixidan dalolat beruvchi qadimiy obidalar,
muqaddas qadamjolar, istiqlol yillarida barpo etilgan muhtasham
inshootlar va zamonaviy korxonalar bilan tanishuv menda unutilmas
taassurot qoldirdi, – deydi suzish bo‘yicha Qoraqalpog‘iston terma
jamoasi a’zosi Shohsanam Uzoqboyeva. – Mamlakatimizning barcha
hududlarida amalga oshirilayotgan mana shunday ulkan bunyodkorlik
ishlari biz, yoshlarni o‘zimiz tanlagan sohalar bo‘yicha yuksak
cho‘qqilarni egallash, yetuk mutaxassis bo‘lib, Vatanimiz obro‘sini
bundan-da yuksaltirish sari undaydi.
Shuningdek, Navoiy informatika va elektron sanoat, madaniyat va
san’at, industrial-iqtisodiyot, sport kollejlari, Navoiy davlat
pedagogika instituti, konchilik instituti, futbol maktab-internatida
taniqli sportchilar, yozuvchilar, san’at arboblari bilan uchrashuvlar,
konsertlar tashkil etildi.
…Stadion uzra mayin musiqa sadolari yangraydi. "Umid nihollari –
2012” respublika sport o‘yinlari bayrog‘i tushirildi. Navoiy
viloyatining yosh sportchilari "Umid nihollari” sport o‘yinlari
bayrog‘ini umumiy o‘rta ta’lim maktablari o‘quvchilarining navbatdagi
musobaqasiga mezbonlik qiladigan Xorazm viloyati vakillariga topshiradi.
"Umid nihollari – 2012” mash’alasi asta-sekin so‘nadi. Biroq uning
tafti musobaqalar qatnashchilari qalbiga bir umrga jo bo‘lib, ularning
katta sport sari boshlagan yo‘lini yoritadi, hayoti davomida yangi,
yanada ulkan marralar va yutuqlar sari chorlayveradi.
"Umid nihollari – 2012” respublika sport musobaqalarining yopilish
marosimi sportchilarning ko‘rgazmali chiqishlari, yosh ijrochilarning
konsert dasturi bilan yakunlandi. Manba: O'zA
|