1. Ubuntu tez ishlaydi. Dars vaqtida oʻquvchilarga
birorta video yoki rasmni koʻrsatish uchun yoqish va oʻchirish juda tez
amalga oshadi. Undan tashqari tizimning oʻzbek tilida ekanligi ham
baʻzida bolalarning diqqatini oʻziga jalb qiladi.
2. Ubuntu — oʻzbek tilida. Hozirda ushbu tizim oʻzbek
kirill alifbosida tarjima qilinmoqda. Sal keyinroq lotin alifbosida ham
paydo boʻladi. Baʻzi tarjimalarda kirill va lotin alifbosi aralashgan
deb oʻylashingiz mumkin. Bu xatolar hozirgi kunda tuzatilgan. Faqat
tizimning birinchi tiliga «uz@cyrillic» va ikkinchisiga «uz» qoʻygan
boʻlsangiz, u kirill alifbosidagi tarjimalarni koʻrsatadi. Agar kirill
alifbosida tarjimalar boʻlmasa, ikkinchi til «uz»dagi lotin alifbosidagi
tarjimalarni koʻrsatadi. U yerda ham tarjima boʻlmasa, uchinchi
koʻrsatilgan tildagi tarjimalarni koʻrsatadi.
Siz «Windows»ning ham oʻzbek tilidagi varianti bor deyishingiz mumin,
lekin uning oʻzbek tilidagi varianti oʻta savodsizlik bilan oʻzbek
tiliga oʻgirilgan. Men bunday tizimdan, ona tilimni ustidan kulingan
tarjimalardan foydalanishni xohlamayman.
3. Ubuntu — erkin va ochiq kodli dasturiy ta`minot. Bu
xususiyati ham menda tekin operatsion tizimdan foydalanayotganligim va
uning rivojiga hissa qoʻshayotganligim uchun faxr tuygʻusini uygʻotadi.
4. Ubuntu kirill alifbosidagi matnlarning imlosini tekshiradi.
Ba`zida kirill alifbosidagi matnlarni yozishga toʻgʻri keladi. Ana
shunday vaqtda menga imlo xatolarini koʻrsatishi juda yordam beradi.
Toʻgʻri, gaplarni bir-biriga bogʻlanishini, sintaktik xatolarni koʻrsata
olmaydi, lekin soʻzlarning yozilishidagi xatolarni koʻrsatgani ham
ancha yordam beradi. Savodli insonlar kompyuterda bexato yozishi mumkin,
lekin har qanday inson ham baʻzida texnik xatolarni bilmasdan qilib
qoʻyishi mumkin. Ana shunday holatda, Ubuntu sizga xatolaringizni
koʻrsatadi.
5. «Windows» viruslari linuxda ishlamaydi. «Windows»
operatsion tizimida viruslar joningizga tegib ketadi. Ubuntuʻda esa u
viruslar zarar yetkaza olmaydi, chunki fayl tizimi boshqa. Bundan
tashqari tez-tez yangilanishlar chiqib turadi. Linux yadrosi tez-tez
oʻzgaradi. Eski yadroda ishlagan viruslar yangisida ishlay olmay qoladi.
Baribir, 100% viruslar yoʻq deb aytib boʻlmaydi. Shu sababli, tizim
xavfsizligini yanada kuchaytirmoqchi boʻlsangiz, «ClamTK», «Avast» va
«Avira» kabi antiviruslarni ishlatib koʻrish mumkin.
6. Ubuntuʻning kodlarini oʻzgartirish va oʻzingizga moslashingiz
mumkin. Bu xususiyat oddiy foydalanuvchilar uchun qiyinroq
boʻlishi mumkin, lekin nima boʻlganda ham tizimni oʻzingizga
xohlaganingizdek moslashingiz mumkin boʻladi. Xohlasangiz, oddiy
kompyuteringizni server sifatida ham moslay olasiz. Xohlasangiz,
dasturlarni oʻzgtira olasiz. Men «squid» proksisi orqali tarmoqdagi
barcha kompyuterlarga porno saytlarga kirishni taqiqlab qoʻygandim.
Hatto xohlagan kompyuteringiz uchun belgilangan miqdorda traffik va
cheklov oʻrnata olasiz. Xohlasangiz, tizim yuklanishini
oʻzgartirishingiz mumkin. Qisqasi, kallangizga kelgan gʻoyalarni amalga
oshira olasiz. Faqat sizdan ozroq malaka, bilim va harakat talab
qilinadi. Shu sababli ham linuxning koʻpgina versiyalari paydo boʻlgan.
7. Muammolarni hal qilishda linux hamjamiyati sizga yordam
beradi. Agar internetni kovlashtirib koʻrsangiz, juda-juda koʻp
maʻlumotlarni topasiz. Oʻzbek tilida juda kam, lekin forum.opennet.uz
forumida sizga beminnat yordam berish, bilim va malakalarini almashish
uchun kuniga ancha kishi kirishadi.
8. Windows dasturlarini linuxda ham ishlatish mumkin.
Buning uchun «Wine» dasturini ishlatish tavsiya qilinadi. Agar siz
«Adobe Photoshop», «Macromediya Flash» va shunga oʻxshash dasturlarni
ishlatishga oʻrganib qolgan boʻlsangiz, sizga, albatta, foydasi tegadi.
9. Printerda chop qilish taqiqlangan .pdf fayllarni Ubuntuʻda
bemalol chop qilish mumkin. Bu xususiyatni shaxsan oʻzim sinab
koʻrganman. Internetdan turli .pdf formatdagi kitoblarni chop qilishga
toʻgʻri kelsa, baʻzida «Chop qilish» funksiyasi oʻchirilgan boʻladi. Siz
oʻsha faylni «Evince» hujjat koʻruvchi dasturi bilan ochib, bemalol
printerdan bosib chiqarish mumkin.
10. Windows OT uchun chiqarilgan dasturlarning linux uchun tekin
variantlari mavjud. Ularga xohlagancha misol keltirish mumkin.
Microsof Office — Libre office, Adobe Photoshop — Gimp, Delphi —
Lazarus, 3d max — Blender, Corel Draw — Inkscape va boshqalar.
Ushbu roʻyxatni yana istagancha davob ettirish mumkin, lekin har kim oʻz
fikrida qolaveradi. Windows foydalanuvchilari baribir Windowsni
maqtashadi. Men sizlarning fikrlaringizni oʻzgartirmoqchi emasman,
shunchaki linuxning imkoniyatlari haqida maʻlumot bermoqchiman, xolos.