Bugun mobil messenger va ijtimoiy tarmoqlarning ommabopligini rad
etib bo‘lmaydi. O‘zbek estradasida bir qancha vaqt "Benom” guruhi
sifatida faoliyat yuritgan, ayni paytda shunchaki "Sarvar va Komil”ga
aylangan qahramonlarimiz o‘zlarining ana shunday ommabop mobil dasturlar
reytingi bilan bo‘lishdi. Keling, siz ham ushbu ro‘yxatdan bahramand
bo‘ling.
1. WhatsApp Messenger
Muloqot qilish uchun juda qulay va arzon dastur bo‘lgani uchun doimiy
ravishda undan foydalanib kelaman. Suratlar, videokliplar, ovozli
multimedia yozuvlari bilan ham o‘rtoqlashish mumkin. Guruhimiz yangi
klip suratga olganida, ilk baho va fikrlarni olish uchun uni shu dastur
orqali do‘stlarimga yuboraman.
2. Facebook
Facebook’ni bugun dunyodagi eng ommabop ijtimoiy tarmoq, deyish
mumkin. Do‘st va yaqinlaringizning ayni vaqtda nima haqida
o‘ylayotganini, qayerda va kim bilan ekanligini u orqali bilib olish
mumkin.
P.S. 2013-yil iyul oyi ma’lumotlariga ko‘ra, Facebook
foydalanuvchilari soni 1,2 milliardga yetgan. 810 millionga yaqin
kishilar esa tarmoqning mobil turidan foydalanadi. Har kuni 300 million
fotosuratlar joylanadi.
3. Twitter
2006-yilda asos solingan ushbu mikroblogda insonlarning qisqa va
lo‘nda jumlalarini o‘qib borish mumkinligi yoqadi. Ba’zida fikringizni
140 ta belgi bilan ifodalash qiyin, ammo Twitter meni qisqalikka
o‘rgatdi. Bilishimcha, twitter so‘zi inglizcha "sayramoq”,
"chug‘urlamoq” degan ma’noni anglatadi.
4. Instagram
Ishda, uyda yoki ijodda yangiliklar bo‘lganida bir lahzada suratga
tushirib, esdalikka saqlab qo‘yish va yaqinlar, do‘stlar bilan baham
ko‘rishda eng ommabop tarmoq deb bilaman. 2010-yildan buyon ishlay
boshlagan bo‘lsa-da, tezda ommalashdi.
5. Skype
Internet orqali uzoqdagi hamkasblar, do‘stlar, yaqin insonlar bilan kamera orqali ko‘rishib muloqot qilishda foydalanaman.
6. Viber
Bunda bepul yozma xabarlashish, qo‘ng‘iroqlashish va suratlar, videoxabarlar bilan butun dunyo bo‘ylab bo‘lishish mumkin.
P.S. Viber’ning 200 milliondan ortiq foydalanuvchilari bor.
7. Voxer
Bolaligimdan ratsiya orqali so‘zlashishni yaxshi ko‘rar edim. Biroq
menga undan foydalanish nasib etmagan. Voxer esa shu qiziqishimni amalga
oshirdi, deya olman. Bir qarashda Whatsapp va Viber ilovalariga o‘xshab
ketadi. Asosiy farqi shundaki, unda qisqa ovozli xabar qoldirish
mumkin. Ayrim hollarda bitta gap aytish uchun ham ko‘pchilikka
qo‘ng‘iroq qilishga to‘g‘ri keladi, shunday paytlarda dastur orqali
qisqa ovozli xabarlarni qoldirish qulay.
P.S. Onlayn rejimidagi ratsiya – Voxer Android va iOS tizimida ishlaydi.
Aziz o‘quvchilar, siz muloqot qilish uchun qanday mobil dasturlardan
foydalanasiz? Ularning qanday qulayliklari bor? Mulohazalaringiz bilan
o‘rtoqlashing.
|