Главная » 2011»Sentyabr»1 » Rossiyada o’zbek avtomashinalari savdosi 40 foizga oshgan
15:01:07
Rossiyada o’zbek avtomashinalari savdosi 40 foizga oshgan
2011-yilning dastlabki olti oyida Rossiyada 45127 dona "GM Uzbekistan” qo’shma korxonasi avtomashinalari sotilgan. Bu o’tgan yilgi raqamlarga qaraganda 40 foiz ko’p, deyiladi qo’shma korxona e’lon qilgan hisobotda.
Sotilgan avtomashinalarning 26097 tasi "Nexia” (o’sish 40 foiz), 19030 tasi "Matiz” (o’sish 39 foiz) mashinalaridir. "Nexia” Rossiyada 2011-yil eng ko’p sotilgan mashinalar ro’yxatida 9-o’rinda ketmoqda. "Matiz” esa 16-o’rinda.
"Uz DAEWOO Auto” qo’shma korxonasi 1996-yili Janubiy Koreya va O’zbekiston sarmoyasi asosida Andijonning Asaka shahrida ochilgan. 2005-yilda O’zbekiston korxona hissalarining barchasini sotib oldi. 2007-yilda "Uzavtoprom” AQShning "General Motors” avtokompaniyasi bilan ustav kapitali 266,7 million dollar bo’lgan shartnoma imzolab, yangi "GM Uzbekistan” qo’shma korxonasiga asos solindi. Yangi korxona hissalarining 25 foizi "GM”a, 75 foizi "Uzavtoprom”ga tegishli. "GM” o’z hissalarini 40 foizgacha ko’tarish huquqiga ega.
Hozirda "GM Uzbekistan” yetti xil markada avtomashinalar ishlab chiqarmoqda. Ularning uchtasi – "Captiva”, "Epica” hamda "Spark” – "Chevrolet” modellaridir.
"GM Uzbekistan”da 2010-yil avtomashinalar ishlab chiqarish hajmi 6.2 foizga oshdi. Ayni paytda "Nexia”ni ishlab chiqarish 3.9 foizga, "Damas” esa 11.6 foizga kamaygan. "Matiz” ishlab chiqarish 5.6 foizga, "Captiva” 66.8 foizga, "Epica” qariyb uch karra, "Lacetti” esa 23.3 foizga oshgan.