Muborak Ramazon hayitining xalqimiz ma’naviy hayotidagi o‘rni va
ahamiyatini e’tiborga olib, milliy-diniy qadriyatlarimizni saqlash va
ulug‘lash hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining "Ro‘za hayitini
dam olish kuni deb e’lon qilish to‘g‘risida”gi 1992-yil 27-martdagi
PF-368-son farmoniga muvofiq:
1. O‘zbekiston musulmonlari idorasining 2013-yilda Ramazon hayitining
birinchi kuni 9-avgust juma kuniga to‘g‘ri kelishi haqida qabul qilgan
qarorini inobatga olib, 2013-yil 9-avgust dam olish kuni deb belgilansin
va mamlakatimizda bayram sifatida keng nishonlansin.
2. Respublika "Nuroniy”, "Mahalla” jamg‘armalari, "Kamolot” yoshlar
ijtimoiy harakati va boshqa barcha mutasaddi idora, jamoat tashkilotlari
Ramazon hayitining joylarda tartibli va yuqori darajada, xalqimizning
milliy qadriyatlariga mos ravishda o‘tishi uchun tegishli tadbirlarni
amalga oshirsin.
3. O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, O‘zbekiston Milliy
axborot agentligi va boshqa ommaviy axborot vositalariga Ramazon
hayitini nishonlash bilan bog‘liq tadbirlarni keng yoritish tavsiya
etilsin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti I.Karimov
Toshkent shahri, 2013-yil 7-avgust
|