Ukrainaning Simferopol shahrida "Fruit inform” kompaniyasi tomonidan o‘tkazilgan "Uzumning oltin shingillari – 2013” (Golden Bunch of Grapes – 2013) xalqaro ko‘rgazmasida O‘zbekistonda yetishtirilgan uzumlarga yuqori baho berildi, deb xabar beradi O‘zA nashri. Xalqaro ko‘rgazmada Andijon, Toshkent, Farg‘ona va Namangan viloyatlari bog‘bonlari tomonidan yetishtirilgan 17 xil navdagi sarxil uzumlar namoyish etildi. "Oq husayni”, "Andijon qora”, "Ketmon sopi”, "Rizamat ota”, "Nimrang kishmish”, "Kelin barmoq” singari uzum navlari xorijlik mutaxassislar tomonidan yuqori baholandi. Navlar mazasi, ta’mi bo‘yicha o‘tkazilgan ommaviy degustatsiya natijalariga ko‘ra, mamlakatimiz vakillariga oliy o‘rin va tadbirning oltin kubogi topshirildi.
Beshinchi bor o‘tkazilayotgan mazkur ko‘rgazmada Ukraina, Rossiya, Turkiya, O‘zbekiston, Shveytsariya, Gollandiya, Avstriya, Moldova singari bir qator davlatlardan uzum yetishtiruvchilar o‘zlarining 200 dan ortiq turdagi uzum navlari bilan ishtirok etdi.
|