Qarshining "Nasaf” jamoasi futbol bo‘yicha Osiyo futbol
konfederatsiyasi kubogini qo‘lga kiritdi.
Mamlakatimizda barcha sport turlari qatorida futbol ham jadal
rivojlanmoqda. Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida sportni
rivojlantirishga qaratilayotgan doimiy e’tibor, amalga oshirilayotgan
keng ko‘lamli islohotlar avvalo barkamol avlodni voyaga yetkazish,
Vatanimiz sharafini xalqaro maydonlarda munosib himoya qila oladigan
iqtidorli sportchilarni tayyorlashda muhim omil bo‘lmoqda. Bu ezgu
sa’y-harakatlarning yuksak samaralari o‘zbek futboli rivojida ham o‘z
ifodasini topayotir. Bugun o‘zbek sportchilari millatimizni, xalqimizni
dunyoga tanitmoqda, mamlakatimiz salohiyatini namoyon etmoqda.
Istiqlol yillarida futbolni rivojlantirish bo‘yicha o‘nga yaqin
hujjat qabul qilindi. Davlatimiz rahbarining 2011 yil 19 yanvarda qabul
qilingan "2011-2013 yillarda respublikada futbolning moddiy-texnika
bazasini yanada mustahkamlash va uni rivojlantirishga doir qo‘shimcha
chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi qarori ham milliy futbolimizni yanada
rivojlantirishda muhim dasturilamal bo‘lmoqda.
Bugun yurtimizning barcha hududlarida futbol infratuzilmasi tobora
takomillashtirilmoqda, futbolga ixtisoslashgan maktab-internatlar,
akademiyalar va to‘garaklar faoliyatida ijobiy o‘zgarishlar ro‘y
bermoqda, shahar va qishloqlarimizdan ko‘plab iste’dodli futbolchilar
yetishib chiqmoqda. Bu, o‘z navbatida, futbol bo‘yicha o‘smirlar,
yoshlar, olimpiya va milliy terma jamoalarimiz, professional futbol
klublarimizning xalqaro maydonda yuqori natijalarni qayd etib, ilgari
o‘zbek futboli tarixida kuzatilmagan ulkan yutuqlarni qo‘lga kiritishiga
xizmat qilayotir.
Bunday yuksak e’tibor samarasida viloyatlarda faoliyat yuritayotgan
futbol jamoalarimiz ham xalqaro maydonda g‘alaba qozonish qudratiga ega
bo‘ldi. Qashqadaryo viloyati vakili – "Nasaf” jamoasining "OFK kubogi – 2011” musobaqasidagi g‘alabasi barcha
vatandoshlarimizga cheksiz g‘urur va iftixor bag‘ishladi. Qit’amiz
futbol klublarining eng nufuzli ikki musobaqasidan biri – OFK kubogida ikkinchi marotaba ishtirok etgan
"Nasaf” guruh bosqichida olti uchrashuvning barchasida g‘alaba qozongan
yagona jamoa bo‘ldi va raqiblar darvozasiga o‘ttizta to‘p kiritib, guruh
bosqichida ko‘p gol urish bo‘yicha yangi rekord o‘rnatdi. Pley-off
bosqichida ham g‘alabali odimlarini davom ettirgan qashqadaryolik charm
to‘p ustalari Tailandning "Chonburi”, Iordaniyaning "Al-Faysali” hamda
"Al-Vihdat” jamoalarini yengib, finalga chiqdi.
"OFK kubogi – 2011” musobaqasining final uchrashuviga Qarshi shahri
mezbonlik qildi. Bosh sovrin uchun o‘tkazilgan hal qiluvchi bellashuvda
hamyurtlarimizga Kuvaytning "Kuvayt SK” jamoasi ro‘baro‘ keldi. 2009
yili OFK kubogi sohibi bo‘lgan mazkur jamoa bu
gal ham faqat g‘alaba uchun maydonga tushdi.
"Nasaf” futbolchilari dastlabki daqiqalardan hujumga zo‘r bergan
bo‘lsa-da, birinchi bo‘limda butun jamoa bo‘lib himoyalangan
kuvaytliklar darvozasiga yo‘l topishning imkoni bo‘lmadi. O‘yinning
ikkinchi yarmida hamyurtlarimiz hujumni yanada kuchaytirdi va
62-daqiqada hisob ochildi. Artur Gevorkyan raqib himoyachilarini dog‘da
qoldirib, to‘pni Ilhom Shomurodovga oshirdi va mohir hujumchimiz raqib
darvozasini ishg‘ol qildi. Oradan ikki-uch daqiqa o‘tib, Artur Gevorkyan
endi Andrey Pereplyotkinga to‘pni aniq oshirdi va latviyalik legioner
raqib darvozasiga ikkinchi to‘pni kiritdi.
Kuvaytliklar 68-daqiqada hisobdagi farqni bittaga qisqartirishga
erishdi. "Kuvayt SK” jamoasining afrikalik legioneri Boris Kabi gol
urishga erishdi.
Qolgan daqiqalarda har ikki jamoa vakillari ham xavfli hujumlar
uyushtirgan bo‘lsa-da, hisob o‘zgarmay qoldi. Finalda raqibidan har
tomonlama ustunligini isbotlab, 2:1 hisobida zafar quchgan "Nasaf”
O‘zbekiston futbol klublari o‘rtasida birinchi bo‘lib qit’amiz
miqyosidagi xalqaro turnirda bosh sovrinni qo‘lga kiritdi.
– Bu g‘alabamizni xalqimizning eng ulug‘, eng aziz bayrami –
Vatanimiz mustaqilligining yigirma yilligiga bag‘ishlaymiz, – dedi
"Nasaf” futbolchisi Lutfullo To‘rayev. – Biz nufuzli xalqaro musobaqada
g‘olib chiqib, xalqimiz va Prezidentimiz ishonchini oqlaganimizdan
baxtiyormiz.
"Nasaf” futbolchilariga Osiyo futbol konfederatsiyasi kubogi va
oltin medallar topshirildi. OFKning "Fair
play” – "Halol o‘yin” sovrini ham "Nasaf”ga nasib etdi. Hal qiluvchi
bellashuvda faol o‘ynagan Artur Gevorkyan final uchrashuvining "Eng
yaxshi futbolchisi”, turnir davomida raqiblar darvozasini o‘n marotaba
ishg‘ol qilgan Ivan Boshkovich "Eng yaxshi to‘purar” sovrinlari bilan
taqdirlandi. Shuningdek, "Nasaf” jamoasi OFK
kubogi sohibi sifatida kelasi yili Osiyo chempionlar ligasida to‘p
surish huquqini ham qo‘lga kiritdi.
Dunyoda eng ommaviy sport turi – futbol jadal rivojlangan bugungi
kunda tasodifan yutuqqa erishib bo‘lmaydi. Har bir g‘alaba va
muvaffaqiyat zamirida ulkan islohotlar, ko‘p yillik mashaqqatli mehnat
va intilish mujassam. Shu ma’noda, mamlakatimizda sportni, jumladan,
futbolni rivojlantirishga qaratilayotgan ulkan e’tibor o‘zbek
futbolining yutuqlarida muhim omil bo‘laveradi.
|