Ijtimoiy tarmoqlarda Qosimovning iste’fosi bilan bog‘liq turli hazillar ham "bolalamoqda”. Bunday hazillardan biri Facebook’ning "Есть работа! (Узбекистан)” guruhiga joylashtirildi.
Unda guruh a’zolaridan biri "Paxtakor” stadioniga o‘z o‘yinchilari bo‘lgan yangi murabbiy qidirilayotganligi haqida yozgan. Bu e’longa foydalanuvchilar ham turli fikrlar bildirgan. Bir a’zo "Elektrik-chi? Yangi elektrikni ishga olmaysizlarmi?” degan bo‘lsa, boshqa bir futbol muxlisasi esa "Meni ishga olinglar! Men ham futbolni umuman tushunmayman”, qabilida piching qilgan. Qosimovning bayonoti haqidagi bizning xabarimizga, shuningdek, boshqa manbalardagi yangiliklarga ko‘plab futbol shaydolari o‘z fikrlarini bildirdi. Ular orasida ham ijobiy, ham salbiy fikrlarni ko‘rish mumkin. Muxlislar ikki jamoaga bo‘lingan: Qosimovning iste’foga chiqishi tarafdorlari va uning jamoada qolishini istovchilar. Bunga misol tariqasida mushtariyimiz Qosimovning yaxshi o‘yinchi ekanligi, biroq murabbiylikni eplay olmayotganligini ta’kidlaganini keltirishimiz mumkin. Yana bir futbol ixlosmandi murabbiyning taktika borasida kuchsizligini bildirgan bo‘lsa, boshqasi esa ularga chiroyli o‘yin va natija kerakligini, Qosimovda esa bularning hech qaysisi yo‘qligini aytgan. Facebook’dagi sahifamiz o‘quvchilaridan biri esa Qosimov o‘rniga aktyor Alisher Uzoqovning murabbiy bo‘lishi kerakligini aytib o‘tgan. Ularning yana biri futbolchilarimizning faqat to‘yda yaxshi o‘ynashi haqida fikr bildirgan. Milliy termamiz mag‘lubiyatida Qosimovning aybsizligini ta’kidlayotgan futbol shaydolari ham o‘z fikrlari bilan bo‘lishgan. Ulardan biri murabbiyning emas, balki futbolchilarning uquvsiz ekanligi haqida so‘z yuritgan. Qosimov tarafdorlaridan yana biri fanatning har qanaqa vaziyatda muxlisligicha qolishi kerakligini, yutganda ko‘kka ko‘tarib, yutqizganda oyoqosti qilish yaxshi emasligini odilona ta’kidlagan. Uff.uz mushtariylaridan biri Qosimovning murabbiylik borasida yutuqlari borligini eslatib, "Bunyodkor”ning Osiyo Chempionlar ligasi yarim finaligacha borganini misol qilib keltirgan. Yana kimdir esa, jahl ustida jamoamizning umuman murabbiysiz qolishiga ham roziligini bildirgan. Uff.uz da e’lon qilingan Qosimovning iste’fosi to‘g‘risidagi yangilikka 769 ta fikr bildirilgan. Biroq ularni ochib o‘qishning iloji bo‘lmayapti. Balki Internet tarmog‘i futbol ishqibozlarining qizg‘in bahslarini "ko‘tara olmayotgandir”? Fikrlarni tahlil qilib chiqish natijasida, ko‘p futbol ixlosmandlarining termamiz mag‘lubiyatidan xafa bo‘lib, murabbiylik shtabi o‘zgarishi kerak degan fikrda ekanligi ma’lum bo‘ldi. Ular vaziyatning keyinchalik yaxshilanib ketishiga umid qilmoqda. Bu umidlarini esa yangi murabbiy bilan bog‘lamoqda. Aziz mushtariylar, sizning fikringiz qanday? Daryo.uz
|