Nufuzli "Gartner” tadqiqot kompaniyasi 2011-yil
uchun jahon mobil telefonlar bozori yakunlarini e’lon
qildi. Unga ko‘ra Finlandiyaning "Nokia”
kompaniyasi bu yil ham yetakchilikni o‘zida saqlab qolgan bo‘lsa-da,
biroq uning sotuv hajmi yildan-yilga tushib ketmoqda. Shu bilan birga,
Janubiy Koreyaning "Samsung”, AQShning "Apple”
va boshqa bir qator (hatto, ba’zilarining nomi ham yo‘q) Xitoy
kompaniyalari esa jahon mobil telefonlar bozorida yangi marralarni
egallamoqda.
Avval xabar qilganimizdek, jahon mobil telefonlar bozori
tahlilini yana bir tadqiqot kompaniyasi – "IDC” ham
olib boradi. Biroq, "IDC” o‘z hisob-kitoblarida mobil telefon ishlab
chiqaruvchi kompaniyalarining sotuv kanallariga chiqargan qurilmalarini
hisoblasa, "Gartner” esa, aksincha, yakuniy iste’molchiga yetib borgan
mobil telefonlar hisobini yuritadi.
Shunday qilib, "Gartner” ma’lumotlariga ko‘ra, 2011-yilda jahonda
jami 1,77 milliard dona mobil telefon sotilgan bo‘lib, bu 2010-yilga
qaraganda 11 foizga ko‘p demakdir. Bunda birgina smartfonlar savdosi
2010-yilga qaraganda 58 foizga o‘sib, 472 million donani tashil qildi.
Bu esa umumiy mobil telefonlar bozorining 27 foiziga teng.
Quyida 2011-yil yakunlariga ko‘ra eng ko‘p mobil telefon sotishga
muvaffaq bo‘lgan kompaniyalar reytingi berilgan.
Yuqoridagi kompaniyalardan to‘rttasi – "LG Electronics”, "Sony
Ericsson”, "Motorola” va "Research in Motion” ham sotuv hajmi borasida,
ham daromad borasida yaxshi natijalar ko‘rsata olishmadi. Ustiga-ustak
ular "ZTE” va "Huawei” kabi "kichik” o‘yinchilarga kurashda yengilmoqda.
Endi 2012-yil uchun prognozlarga keladigan bo‘lsak, "Gartner” bu yili
mobil telefonlar savdosining 7 foizga o‘sishini, bunda smartfonlar
savdosi esa 58 foizga o‘sishini taxmin qilmoqda.
|