KЕTMA-KЕTIGA IKKITA.
UMIROVNING G’AYRATIGA BAHO BЕRAMIZ
"Oygo’zalim” deya
kuylayotgan Jasur Umirov "O’g’ri” nomli yangi qo’shig’iga ham klip
suratga olib ikkalasini birato’la muxlislariga havola etmoqchi. Eng
qizig’i, endi uning ham kliplarida mashhur aktyorlarni ko’rasiz. Ilk
kliplarini poytaxtning zamonaviy joylarida suratga oldirgan Jasur,
keyinchalik xorijda tasvirga tushirilgan ijod namunalarini taqdim eta
boshlagandi. Barchasida imkon qadar o’zi aktyor sifatida namoyon bo’lgan
xonanda nazarimizda "baribir aktyor, aktyorda” degan qarorga kelgan
shekilli. Shuning uchun ham bu gal u klipiga Adiz Rajabov, Alisher
Uzoqovni taklif etdi. Ikki klipni tomosha qiling va o’zingiz baho
bering.
DINЕYRANING O’ZI KLIP
SURATGA OLDI
"Visol” filmi orqali
anchagina tanilib qolgan Dineyra yangi qo’shig’iga o’zi klip suratga
olgani bilan barchaning diqqatini tortdi. Yo klipmeykerlarning
ishlaridan ko’ngli to’lmagan yoki ularga beradigan ko’p puli yo’q.
Albatta, bu hazil. Lekin uning klip suratga olgani rost. Jasur
Badalboyev musiqasi, Gavhar Sharipova so’zi asosida yozilgan "Yonma-yon”
nomli qo’shig’i klipi aynan uning ijod mahsuli. Bunda xonandaning
raqsga tushganini ham ko’rasiz. Shu kunlarda esa Dineyraning "Meni
esla”nomli yangi qo’shig’i klipi ham suratga olinyapti. Ibrohim Jiyanov
so’zi, Serj musiqasi asosida kuylangan "Meni esla” radioto’lqinlarda
jarang sochayotganiga ancha bo’ldi.
FAYZ KONSERT ARAFASIDA
BARCHA SIRLARNI OCHADI!
Yakkaxon konsertiga
astoydil tayyorlanayotgan Alisher Fayz janoblari yangi dasturi uchun
tayyorlangan "Armon” nomli qo’shig’iga klip suratga oldirdi.
Qo’shiqlariga klip suratga oldirish bo’yicha tinim bilmayotganlar safida
Fayzning ham ko’zga tashlanayotganiga ancha bo’ldi. Lekin uning
zamonaviy kliplar suraga oldirayotganiga hali ko’p bo’lgani yo’q.
Xullas, Mirmaqsud Oxunov va Rustam Murodovlar tomonidan suratga olingan
yangi klip shu kunlarda sizga havola etiladi. Alisher Fayzning boshqa
raqqosa bilan nega hamkorlik qila boshlagani va Parizoda bilan ijodiy
munosabatlar nega yo’lga qo’yilgani haqida yaqin oradagi suhbatdan bilib
olasiz.
FARRUX KOMILOV O’ZBЕK
IGLЕSЕASIGA AYLANMOQCHI
Ha, yoshlar buni
allaqachon kuzatib bo’lishdi. "Sog’inib” qo’shig’i Inrekining dasturidan
ko’chirma ekanligini zukko muxlislar oshkor etishgan bo’lsa, Farruxning
yangi "Kel-kel” qo’shig’i klipida ochiq oydin kichik Igleseasga taqlid
sezilib qolganligi bilan tilga tushdi. Albatta, kichik Komilovning unga
havasidan kelib chiqqan. Qolaversa, ma’lum ma’noda unga bu piar ham
yaxshi xizmat qilishi mumkin. Chunki uning ijodida biroz tanaffuslar
kuzatildi. Xullas, xonanda shu jimlikni shov-shuvli holatlar evaziga
buzishni ma’qul topgan ko’rinadi. Shuning uchun Jasur Badalboyev
aranjirovkasi, Eldor Qayumov so’zi bilan "Kel, kel” nomli qo’shiq
yozildi va Jasur Shametov tomonidan unga klip suratga olindi.
ZIYODA HAM PESHQADAMLIKDA.
UNDAN BIRATO’LA IKKI KLIP
"Bolalar uyining
bolasi” qo’shig’i va klipi Ziyodaning sevgidan boshqa mavzularda ham
qo’shiqlar kuylay boshlaganidan darak berdi. Dardli mavzuga anchadan
buyon hech kim tegmagandi. Yosh xonanda o’z imkoniyatlarini hisobga olib
"Mehribonlik uyi” tarbiyalanuvchilarining dardiga sherik bo’lishga
qaror qildi. Bu esa uning kundan kunga ijodiy o’sishlar ta’sirida
ekanligini ko’rsatdi. Bundan tashqari oradagi qisqa fursat ichida Ziyoda
disko qo’shiqlardan xoli tarzda xorazmcha yo’nalishdagi "Mazim” nomli
qo’shig’iga ham trek ko’rinishida klip suratga oldirib uni ham namoyish
etishga kirishdi. To’g’rida, turfa xillikni yo’qotmaslik kerak. Axir
buyoqda to’ylar ham bor degandek...
Xullas, ko`rgan kliplaringiz uchun fikrlaringizni
bildiring. Ko`rmaganlaringiz esa shu kunlarda havola etilishni
boshlaydi. Fikrlarni kutamiz…
|