Yevropaning eng yirik axborot texnologiyalari kompaniyalaridan biri,
emailni vaqtni oluvchi va eskirgan aloqa vositasi deb hisoblab, o‘z
xodimlari o‘rtasida elektron xat yozishni taqiqlamoqchi. Bu haqda "The
Daily Telegraph” xabar bermoqda.
"Atos” kompaniyasi rahbari, Fransiyaning sobiq moliya vaziri
hisoblangan Tierri Breton (Thierry Breton) keyingi 18 oy davomida o‘z
kompaniyasida emailga qarshi siyosat o‘tkazmoqchi. Bu qarorini Breton
xodimlar olayotgan 200 ta xatdan faqat 20 tasi foydali bo‘lib chiqishi
bilan izohlamoqda. Email o‘rniga u interfeysi Feysbuknikiga (Facebook)
o‘xshagan tezkor xabar almashish xizmatlaridan foydalanishni maslahat
bermoqda. Bretonning aytishicha, xodimlar 5-20 soatgacha vaqtlarini
elektron xatlarga sarflashmoqda.
"Ba’zi xodimlarimiz kechalari bir necha soatlab vaqtlarini elektron
xatlarni saralashga sarflashlari normal holat emas. Email ortiq munosib
aloqa vositasi bo‘lmay qoldi. Axborot toshqini kelajakda kompaniyamiz
to‘qnash kelishi mumkin bo‘lgan eng asosiy muammolardan biri. Hozirdan
boshqacharoq o‘ylash kerak”, – dedi Breton.
Elektron pochta bilan ishlash ko‘p vaqtni olishini bir qator
tadqiqotchilarning ma’lumotlari ham tasdiqlaydi. 2002-yili Lafboro
universiteti (Loughborough University) xodimlari keltirgan hisobotda ish
joyida elektron pochtadan foydalanishning o‘ziga xosliklari to‘g‘risida
ma’lumot berilgan bo‘lib, unga ko‘ra, xodim elektron pochtani o‘qib
bo‘lganidan so‘ng fikrlarini jamlab olib yana ishga kirishishi uchun 64
soniya kerak bo‘lar ekan. "Yaxshi nazorat qilib bo‘lmasligi bilan email
buzg‘unchi qurolga aylanishi mumkin”, deya ogohlantirmoqda msye Breton.
Puatye universiteti (Poitiers University)ning axborot va
kommunikatsiyalar professori Nikola Moinetning so‘zlariga ko‘ra, email
haqiqatan ham "dolzarb muammo” hisoblanadi. "Biz bugun shunday ahmoqona
vaziyatlarga duch kelmoqdamizki, unda xodimlar avval uchrashuvga
borishadi, email jo‘natishda davom etishadi va shundan keyin o‘z
hamkasblaridan uchrashuv vaqtida aytgan so‘zlarini email orqali yozib
yuborishni so‘rashadi”, dedi Moinet "20 Minutes” internet nashriga
bergan intervyusida.
Silicon.fr sayti ma’lumotlariga ko‘ra, yosh avlod emailni inkor etib
bo‘lgan. 11 yoshdan 19 yoshgacha bo‘lganlarning bor-yo‘g‘i 11 foizigina
emaildan foydalanadi. Bugun yoshlar orasida email va qidiruvdan ko‘ra
onlayn ijtimoiy tarmoqlar ko‘proq ommalashgan.
"Kompaniyalar yangi odat va qoidalarga tayyor turishlari kerak”,
degan Tierri Breton o‘z xodimlari Feysbuk yoki Tvitter kabi ijtimoiy
tarmoq saytlaridagi o‘xshash chatsifat birlashtiruvchi xizmatlardan
foydalanishlarini xohlamoqda. Janob Bretonning tan olishicha, u yangicha
uslubga ko‘nikib ulgurgan. "Agar odamlar men bilan gaplashmoqchi
bo‘lishsa, ular mening oldimga kelishlari, telefon qilishlari yoki xabar
jo‘natishlari mumkin”, – dedi 56 yoshli rahbar. "Email og‘zaki aytilgan
so‘z o‘rnini bosa olmaydi”, – deya qo‘shimcha qildi Breton.
Shunga qaramay, ekspertlarning fikricha, email yaqin orada yo‘q
bo‘lib ketmaydi, chunki u chatdan farqli vazifani bajarmoqda. "Odamlar
elektron pochta faks yoki qog‘ozdagi xatning o‘rnini egallaydi, deb
o‘ylashgandi. Hayotda esa ular bir-birini to‘ldiruvchi sifatida
gavdalanmoqda”, dedi professor Jeraldina de La Rupell (Geraldine de La
Rupelle).
So‘nggi so‘z o‘rnida shuni qayd etish mumkinki, "Canon”ga o‘xshagan
ba’zi kompaniyalar "emailsiz kunlar” kabi har turli tadbirlarni
o‘tkazishmoqda. "Bunday tadbirlar ko‘pincha muvaffaqiyatsizlikka
uchraydi… chunki bu narsa xatning jo‘natilishi yoki qabul qilinishini
bor-yo‘g‘i keyinroqqa qoldiradi, xolos”, dedi La Rupell xonim.
Ma’lumot o‘rnida, "The Daily Telegraph” saytida o‘tkazilgan "Email
o‘z kunini yashab bo‘ldimi?” nomli so‘rovnomada (http://www.telegraph.co.uk/technology/news/8921033/Staff-to-be-banned-from-sending-emails.html)
ishtirok etganlarning 45,18 foizi (1186 ta ovoz) "Yo‘q, email hech
qachon yo‘q bo‘lmaydi” deb hisoblasa, 5,68 foizi (149 ta ovoz) "Ha,
tezkor xabar almashish qulayroq” degan javobni tanlagan.
Foydalanuvchilarning 12,99 foizining (341 ta ovoz) fikricha emailning
davri tugagan, ammo messenjerlar uning o‘rnini bosa olmaydi. 30,93 foiz
foydalanuvchi (812 ta ovoz) odamlar bir vaqtning o‘zida ham emaildan,
ham messenjerlardan foydalanishiga ishonadi. 5,22 foiz foydalanuvchi
(137 ta ovoz) esa xat yozishni hech qachon to‘xtatmas ekan.
|