Ekspertlarning hisob-kitoblariga ko‘ra, elektron to‘lovlardan foydalanib davlat ehtiyojlari uchun elektron xaridni amalga oshirish davlat budjeti xarajatlarini 20-40 foizga, tadbirkorlar uchun esa ishlab chiqarish xarajatlari va mahsulot tannarxini 5-10 foizga kamaytirish imkonini beradi. Bugun yurtimizda axborot va kommunikatsiya texnologiyalarining jadal rivojlanishi, yaratilgan tashkiliy-huquqiy mexanizmlar va texnologik infratuzilma xo‘jalik yurituvchi subyektlarga, jumladan, tadbirkorlarga internet va mobil aloqa vositalari orqali elektron to‘lovlar, elektron tijorat tizimidan samarali foydalanish uchun qulay sharoitlarni yaratmoqda. Ushbu maqolamizda tashkil qilinganiga ko‘p bo‘lmagan, ammo yetarlicha foydalanuvchilariga ega "SMS-To'lov" va Websum elektron to‘lov tizimlari haqida hikoya qilamiz.
SMS-To'lov tizimi
"SMS-To'lov" tizimi O‘zbekiston Respublikasining "Elektron to‘lovlar to‘g‘risida"gi Qonuni ijrosini ta'minlash hamda elektron tijoratni rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlash maqsadida 2010 yilning 24 dekabrida Respublika Savdo-sanoat palatasi "SSP-MAROQAND" unitar korxonasi bilan hamkorlikda ishlab chiqilgan. Tizimni yaratish jarayoniga Germaniya va Yaponiya ekspertlari ham jalb qilingan. "SMS-To'lov"ning ustuvorligi uning yordamida istalgan turdagi mobil aloqa, internet, shuningdek, SMS vositasida naqd pulsiz to‘lovlarni amalga oshirish mumkinligidadir.
Qanday ulanadi?
Tizim yordamida bank plastik kartochkasidagi mablag‘lardan yuqori unum bilan foydalanish imkoniyati bor. "SMS-To'lov" tizimi orqali turli tovar va xizmatlar uchun onlayn to‘lovlarni amalga oshirish mumkin. Buning uchun fuqaro o‘ziga xizmat ko‘rsatuvchi tijorat bankiga pasport va mobil telefoni bilan tashrif buyurishi hamda "SMS-To'lov" tizimida ro‘yxatdan o‘tishi lozim bo‘ladi. Bank xodimi bir necha daqiqa ichida mijoz va uning mobil telefon raqamini tizimda ro‘yxatdan o‘tkazib, mobil telefoniga maxsus elektron raqamli imzo kaliti bilan himoyalangan dastur-ilova o‘rnatadi hamda qat'iy sir tutilishi lozim bo‘lgan maxsus login va parol taqdim etadi. Bu — mijozning mobil telefoni bank plastik kartochkasiga ulanganini bildiradi.
Qaysi xizmatlardan foydalanish mumkin?
Mobil telefonimizda so‘zlashuv, fotokamera, soat, kalkulator, pleer va shunga o‘xshash xizmatlardan foydalanishga ko‘nikib qolganmiz, lekin uni to‘lov vositasi sifatida sinab ko‘rmaganmiz. Bank tomonidan o‘rnatilgan mobil-ilova yordamida internetga ulanmasdan, bir necha soniya ichida bir necha turdagi tovar va xizmatlar uchun to‘lovlarni amalga oshirish mumkin. Masalan:
Mobil aloqa
Kommunal
Internet provayderlar
Savdo-sanoat palatasi xizmatlari hamda soliq to‘lovlarini uydanmi, ishdanmi yoki ko‘chadan turib mobil telefon orqali amalga oshirish imkoni mavjud. Barcha to‘lovlar qo‘shimcha xizmat haqisiz amalga oshiriladi.
Shuningdek, shahar jamoat transporti, shahar telefon tarmog‘i, sug‘urta, avia va temir yo‘l chiptalariga buyurtma berish va sotib olish, taksi xizmatlari va DAN to‘lovlarini amalga oshirishni tashkil etish bo‘yicha ishlar olib borilapti.
Bugungi kunda Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki, "Mikrokreditbank", "Asaka", "InFinBank", "Universalbank" va "Hamkorbank" tijorat banklari "SMS-To'lov" tizimida xizmatlarni ko‘rsatib kelmoqda. Yana bir nechta bank ushbu tizimda sinovdan o‘tkazilmoqda.
Websum tizimi
Yuqorida keltirib o‘tganimiz — "SMS-To'lov" tizimi mobil telefon orqali to‘lovlarni amalga oshirish imkonini yaratsa, Websum tizimi internet orqali savdo va to‘lovni bajarish qulayligini taqdim etadi.
2010 yilning iyunida ro‘yxatdan o‘tgan E-SERVICES HAUSE (Elektron xizmatlar uyi) kompaniyasi bugungi kunda internet tarmog‘i orqali Websum savdo belgisi ostida elektron to‘lovlar xizmatini ko‘rsatib kelmoqda.
Ulanish shartlari va hisobni to‘ldirish
Websum internet to‘lov tizimiga ulanish uchun pasport nusxasini skaner qildirgan holda ro‘yxatdan o‘tish lozim, bu — tizimda xavfsizlikni ta'minlash uchun muhim. Websum tizimi nafaqat jismoniy shaxslarga, balki yuridik shaxslarga ham ochiq. U internetda biznesni tashkil qilish va yuritishga yo‘l ochadi.
Foydalanuvchi o‘zining internetdagi hamyonini barcha infokiosk va terminallar orqali (bunday terminal va kiosklarning soni respublikamizda 56 000dan oshadi) "UZKART" plastik kartochkalari orqali to‘g‘ridan-to‘g‘ri to‘ldirib olishi mumkin. Bunda abonent to‘lovi va xizmatlar uchun foizlar mavjud emas.
Loyiha yo‘nalishlari
Bugungi kunda Websum to‘lov tizimi uchta asosiy yo‘nalishda rivojlantirilmoqda. Birinchi navbatda, elektron mahsulotlar savdosi yo‘nalishida hamkorlar bilan ish olib borilapti. Bularga telefoniya, xosting, domen nomlari, elektron kitoblar, raqamli televideniye, pin-kodlar, masofaviy o‘qitish va boshqa ko‘rinishdagi xizmatlarga to‘lovlar kiradi. Websum loyihasi rahbari Ozod Muzaffarovning ta'kidlashicha, aynan mana shu yo‘nalishdagi xizmatlar tizim foydalanuvchilari orasida eng ommaboplaridan hisoblanadi.
Ikkinchi yo‘nalish — mamlakatimiz tadbirkorlari bilan jismoniy tovarlar savdosi bo‘yicha ish olib borish. Bunga tizimga internet do‘konlar, rasta va savdo maydonlarini ulash kiradi. Mazkur yo‘nalishni rivojlantirish maqsadida internet do‘kon loyihasi ishga tushirilgan. O‘zbekistonda ro‘yxatdan o‘tgan har bir elektron tijorat bilan shug‘ullanishni maqsad qilgan jismoniy va yuridik shaxs uchun Websum korxonasi internet do‘kon, xosting, domen va to‘lov tizimini taqdim qiladi. Bularning barchasi — bepul. Tadbirkorning vazifasi — tovar yoki xizmatlarini foto va boshqa ma'lumotlari hamda ularning narxini ko‘rsatgan holda tizimga joylashtirish.
Uchinchi muhim yo‘nalish — Websum bazasida xalqaro savdo maydonchasini tashkil etish.
Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari jadal sur'atlarda rivojlanib bormoqda. Bugun komputer oldiga o‘tirib, internetga ulangan holda yoki oddiygina mobil telefon vositasida elektron do‘konlarni "aylanib”, o‘zingizga yoqqan yoki zarur bo‘lgan mahsulotlarni xarid qilishingiz, turli xizmatlar uchun to‘lovlarni amalga oshirishingiz mumkin. Bu — zamonaviy texnologiyalarning bizga taqdim etayotgan qulayligi va imkoniyati. Albatta, elektron tijorat bozori hali rivojlanish bosqichida. Biroq uning kelajagi porloq ekanini dunyo tajribasi ko‘rsatib turibdi.