"CompactFlash Association” (CFA) assotsiatsiyasi xotira kartalarining "XQD” deb nomlangan yangi avlodining texnik xususiyatlarini e’lon qildi.
XQD-kartalar endilikda, asosan, professional foto- va videoapparatlarda ishlatiluvchi CF-kartalarning (CompactFlash) o‘rnini egallaydi. Yangi xotira kartalarining afzalligi shundaki, ularning foydalanish muddati uzoq hamda yozish tezligi juda yuqori – eng past tezlik soniyasiga 125 megabaytdan boshlanadi. Eslatib o‘tamiz, amaliy jihatdan CF-kartalarining eng yuqori yozish tezligi soniyasiga 100 megabaytdan oshmaydi.
XQD-kartalarining o‘lchamlari 38,5 x 29,8 x 3,8 millimetr bo‘lib, u mobil qurilmalarda qo‘llaniluvchi SD-kartalardan ozgina kattaroq. Ushbu kartalarda ham oldingilariga o‘xshab "PCI Express” shinasining interfeysi qo‘llanilgan.
Xotira kartalarining yangi formatini butun dunyoga mashhur fotoapparatlar ishlab chiqaruvchi Canon va Nikon kompaniyalari qo‘llab-quvvatlashdi. XQD-kartalari ilk marta 2012-yilning fevral oyida Yaponiyaning Yokogama shahrida bo‘lib o‘tadigan "CP+” ko‘rgazmasida namoyish qilinadi. CFA assotsiatsiyasi 2012-yildan boshlab XQD-kartalarni litsenziyalashni ham boshlaydi.
Ma’lumot o‘rnida:
"CompactFlash” (CF) xotira kartalari 1994-yilda SanDisk kompaniyasi tomonidan ishlab chiqilgan. Hozirgi kunda CF-standartidagi xotira kartalarining nazariy jihatdan ma’lumotlarni o‘tkazishning maksimal tezligi soniyasiga 167 megabaytgacha yetadi.
|