2011 yili Buyuk Britaniyada nikohlar buzilishining uchdan bir qismiga jahondagi eng yirik Facebook ijtimoiy tarmog‘i sababchi bo‘lgan. Besh mingdan ortiq ajrimlarni tahlil qilib chiqqan Divorce online konsalting kompaniyasi mutaxassislari shunday to‘xtamga kelishdi.
Aniqlanishicha, er yoki xotinning boshqa birovga dil izhori yo‘llashi, tarmoqda bir-birlari haqida "nomaqbul" sharhlar qoldirishi va oila muammolarining o‘zgalar bilan "baham ko‘rilishi" ko‘pincha er-xotin janjalini keltirib chiqarapti. Bir so‘z bilan aytganda, ijtimoiy tarmoqdagi virtual aloqa oila atalmish muqaddas qo‘rg‘onga zavol yetkazmoqda.
Bor-yo‘g‘i ikki yil ilgari buzilayotgan nikohlarning faqat beshdan bir qismida Facebook aybdor sanalardi. Bu borada Twitter mikrobloglar xizmatining "ulushi" negadir ancha kam (5 ming holatdan 20tasi).
Ta'kidlash kerakki, ijtimoiy tarmoqdagi yozishmalarni kuzatib borish unchalik ham qiyin ish emas. Ba'zi bir foydalanuvchilar nafaqat shaxsiy hayoti, balki, masalan, bankdagi hisob-raqami, unda qancha puli borligini ham og‘zidan gullab qo‘yishi mumkin.