O‘FF matbuot xizmatining xabar qilishicha, O‘zbekiston milliy terma jamoasiga yangi murabbiy taklif etiladi. Mirjalol Qosimov boshchiligidagi terma jamoa JCh-2014 saralashining pley-off bosqichida Iordaniyadan mag‘lubiyatga uchragani va o‘yindan keyingi matbuot anjumanida Qosimovning o‘zi iste’fo so‘ragani bunga sabab bo‘lgan bo‘lishi mumkin. Hozirda terma jamoaning bosh murabbiyi lavozimiga O‘zbekistonda faoliyat yuritayotgan mutaxassislar orasidan munosib nomzodlar ko‘rib chiqilmoqda. O‘FF prezidenti MTJ bosh murabbiyligiga chet eldan mutaxassislarni taklif etishi ham mumkin. Mirabror Usmonovning so‘zlariga qaraganda, yangi bosh murabbiy tayinlash masalasi 2014-yilning yanvar oyigacha hal etiladi.
Hozircha, bosh murabbiylik lavozimida Mirjalol Qosimovning o‘zi qolishining va so‘ralgan iste’fo biroz kechiktirilishining ham sababi bor. Chunki, O‘zbekiston milliy terma jamoasi 2015-yilgi Osiyo Kubogining final bosqichiga yo‘llanmani qo‘lga kiritishi kerak. Musoboqa saralashi doirasida kechadigan Vyetnam bilan uchrashuv 15-oktabr kuni o‘tkaziladi. Aytish joizki, tushkun kayfiyatdan chiqish va keyingi o‘yinlarga tayyorlanish uchun juda oz muddat qolgan. Yigitlarimizga omad tilaymiz. Kayfiyatni tushirmay, faqat g‘alaba sari intilishsin.
|