Kecha kirish imtihonlari natijalarining bugun – 15-avgust kuni e’lon qilinishi haqida xabar bergan edik. Biroq, bugun bu borada hech qanday yangilik bo‘lmadi. Aniq ma’lumotga ega bo‘lish maqsadida "Daryo” muxbiri Toshkent axborot texnologiyalari universitetiga tashrif buyurdi.
Muxbirimiz bilan suhbatda bo‘lgan qabul komissiyasi vakili vaziyatga oydinlik kiritib, Davlat test markazida natijalarning allaqachon ma’lum bo‘lganini aytdi. Biroq bu yil test imtihonlarini topshirgan abituriyentlar sonining rekord darajadaligi tufayli, natijalarni hali tartibga solib va ro‘yxat tuzib ulgurishmagan.
Xodimning ta’kidlashicha, javoblar 17-avgust tongda e’lon qilinishi kutilmoqda.
Muxbirimiz universitet darvozasining berk ekanligi va natijalar osiladigan stendlarning esa hali o‘rnatilmaganligi guvohi bo‘ldi.
Eslatib o‘tamiz, Vazirlar Mahkamasi qoshidagi Davlat test markazining xabar berishicha, bu yil mamlakatimiz oliy o‘quv yurtlariga hujjat topshirgan abituriyentlar soni 480 447 nafarni tashkil etdi. O‘tgan yili esa 432 000 nafardan ko‘proq abituriyent talabalik baxtiga musharraf bo‘lish uchun hujjat topshirgan edi.
Respublika bo‘yicha eng ko‘p hujjat qabul qilgan oliy o‘quv yurti Termiz davlat universiteti bo‘lib, abituriyentlar soni 24 878 nafarga yetdi. Bu bir o‘ringa 14,9 nafar abituriyent da’vogarlik qiladi, deganidir. Undan keyingi o‘rinlarni Andijon davlat universiteti (19,5 ming) va Jizzax davlat pedagogika instituti (18,8 ming) egalladi.
Barcha abituriyentlarga talabalik baxtiga muyassar bo‘lishni tilab qolamiz.
Test natijalari e’lon qilinishi bilan, nashrimiz orqali o‘quvchilarimizni xabardor qilamiz. Yangiliklarimizni kuzatib boring.
|