Shu yilning 26-fevral kuni (Toshkent vaqti bilan 27-fevral tongida)
Los-Anjeles shahrida Amerika kinoakademiyasining 84-yillik "Oskar” mukofotini topshirish
marosimi bo‘lib o‘tdi. 2011-yilgi kinomavsum yakunlariga ko‘ra to‘qqizta
film bosh sovrin – "Yilning eng yaxshi filmi” nominatsiyasi uchun
kurash olib bordi. Ular orasida kinotanqidchilar tomonidan alohida
e’tirof etilgan "Artist” filmi bosh mukofotga loyiq deb topildi.
Eronlik rejissor Asqar Farhodiyning "Ajralish” ("A Separation”) filmi
"Eng yaxshi xorijiy film” deb topilgan bo‘lsa, Vudi Allenning
"Parijdagi tun” ("Midnight in Paris”) filmi original ssenariysi uchun
oltin haykalcha bilan taqdirlandi. Moslashtirilan ssenariy yo‘nalishida
esa "Avodlar” ("The Descendants”) filmi g‘olib deb topildi.
Gor Verbinski tomonidan ishlangan "Rango” animatsion filmi Alen
Ganyolning "Parijdagi mushuk” ("A Cat in Paris”), Fernando Truebaning
"Chiko va Rita” ("Chico and Rita”), Jennifer Nelsonning "Kung-Fu
Panda-2”, Kris Millerning "Etik kiygan mushuk” ("Puss in Boots”)
multfilmlaridan ustun keldi. "Eng yaxshi hujjatli film” yo‘nalishida esa
Tijey Martin, Den Lindsey va Richard Midlmaslarning birgalikdagi
loyhasi — "Yengilmaslar” ("Undefeated”) kartinasi g‘olib deb topildi.
Aktyor Kristofer Plammer "Boshlovchilar” ("Beginners”) filmidagi roli
uchun "Eng yaxshi ikkinchi darajali aktyor” yo‘nalishida g‘olib
chiqqan, shu yo‘nalishdagi aktrisalar orasida "Yordam” ("The Help”)
filmidagi Oktavia Spenserga teng keladigani topilmadi.
"Temir xonim” ("Iron Lady”) filmida Angliya sobiq bosh vaziri
Margaret Tetcher siymosini jonlantirgan Meril Strip "Yilning eng yaxshi
aktrisasi” deb tan olindi. 17 marta "Oskar” uchun da’vogarlik qilgan
aktrisa uchun bu uchinchi g‘oliblik hisoblanadi.
Taqdimotning yaqqol favoriti hisoblangan "Artist” filmi 10 ta
yo‘nalishda g‘oliblik uchun kurash olib borgan bo‘lsa, shundan
beshtasida g‘olib chiqdi. Jumladan, "Eng yaxshi liboslar dizayni” hamda
"Eng yaxshi saundtrek” yo‘nalishlarida "Artist”ga teng keladigani
topilmadi.
Taqdimot favoriti 3 ta eng asosiy "Oskar” egasiga ham aylandi: film
bosh rol ijrochisi Jan Dujardin "Eng yaxshi aktyor” deb tan olingan
bo‘lsa, Mishel Xazinavichus rejissorlar orasida birinchi bo‘ldi.
"Artist”ning o‘zi eng asosiy sovrin – "Eng yaxshi film” uchun atalgan
haykalcha egasiga aylandi.
84-"Oskar” taqdimoti g‘oliblari to‘liq ro‘yxati bilan marosim rasmiy saytida tanishishingiz
mumkin.
|